21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining inson hayotidagi o‘rni, millatning buguni va ertangi kunini belgilashdagi ahamiyati, shuningdek, tilni asrab-avaylash va uning nufuzini oshirish borasida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ta’kidlanganidek, til — millatning ma’naviy boyligi, tarixiy xotirasi va o‘zligini namoyon etuvchi bebaho qadriyatdir. Uni hurmat qilish, to‘g‘ri va ravon qo‘llash, kelajak avlodga sof holda yetkazish har bir insonning muhim vazifasidir.
Shuningdek, bayram munosabati bilan soha xodimlari o‘rtasida diktant yozish tanlovi ham tashkil etildi. Tanlov xodimlarning imlo savodxonligini oshirish, o‘zbek tilining grammatik qoidalariga rioya etish hamda davlat tiliga bo‘lgan hurmatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir ishtirokchilari ona tiliga ehtirom ko‘rsatish, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va til madaniyatini yuksaltirish har birimizning burchimiz ekanini yana bir bor e’tirof etdilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati