“Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–1149-son, 10.06.2026 y.) qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joylarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolganligi;
hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlardan iborat:
mavjud ob’yektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish; mavjud ob’yektni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan ob’yekt toifasidagi yangi ob’yektni qurish;
yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taklif quyidagi sub’yektlar tashabbusiga ko‘ra kiritilishi mumkin:
davlat tashabbusiga ko‘ra;
huquq egalarining tashabbusiga ko‘ra;
uchinchi shaxslarning tashabbusiga ko‘ra.
Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.