Hotline

+998(61) 223-24-31

Ko'rinish

Shrift o'lchami

logo

Republic of Karakalpakstan Construction and housing THE MINISTRY
PUBLIC UTILITIES

So'ngi yangiliklar

Selfless workers of the construction sector were duly rewarded
10-08-2026

image-news

 

Avgust oyining ikkinchi yakshanbasida mamlakatimizda keng nishonlanadigan Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda sohada ko‘p yillik samarali mehnat qilayotgan, qurilish va shaharsozlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etish, hududlarda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda qurilish sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida soha vakillarining mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyati alohida ta’kidlandi. Zero, bugungi kunda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim va jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri sifatida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Arxitektura va qurilish sohasi Faxriylar kengashi a’zosi Jalgasbay Berdixanov soha xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, zamonaviy shaharsozlik loyihalari va infratuzilmaviy o‘zgarishlar ortida minglab quruvchilar, muhandislar, me’morlar, loyihachilar hamda soha mutaxassislarining fidokorona mehnati mujassam ekanini ta’kidladi.

— Bugungi e’tirof — sizlarning soha rivojiga qo‘shayotgan munosib hissangiz, fidokorona mehnatingiz va kasbga bo‘lgan sadoqatingizning munosib bahosidir. Ishonchim komilki, sizlar bundan buyon ham o‘z bilim va tajribangizni safarbar etib, Yangi O‘zbekiston bunyodkorligiga, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shishda davom etasizlar, — dedi J. Berdixanov.

Shuningdek, tadbirda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, zamonaviy va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, shaharsozlik faoliyatini yanada rivojlantirish hamda hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda sohada erishilayotgan natijalar, bunyod etilayotgan zamonaviy inshootlar, yangi uy-joylar va infratuzilma obyektlari ortida o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashayotgan fidoyi mutaxassislarning mehnati turibdi. Shu bois, soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish hamda kasbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biridir.

Tadbir yakunida taqdirlangan xodimlarga bildirilgan ishonchni oqlab, kelgusida ham o‘z vazifalarini yuksak mas’uliyat, tashabbuskorlik va fidoyilik bilan bajarishlari, qurilish va shaharsozlik sohasini yanada rivojlantirish yo‘lida samarali mehnat qilishlari tilak bildirildi.

Qurilish sohasi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan barcha bunyodkorlar, quruvchilar, muhandislar, me’morlar, loyihachilar va soha mutaxassislarini kasb bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etamiz!

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati

23

Last updated: 2026-08-10 16:23:46