Qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni 18 aprel – O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha obyektlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ko‘p qavatli uy-joylarning barqaror ishlashini ta’minlash davlatimiz uchun muhim vazifalardan biridir. Aholining qulay yashash sharoitini yaratish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va mavjud infratuzilmani samarali boshqarish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 1 729 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, ushbu uylarga 29 ta boshqaruv organlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining tegishli Prezidium qarorlari bilan 11 ta ijtimoiy turar joylarni yengil ta’mirlash, 15 ta ko‘p xonadonli turar joylarning tashqi ko‘rinishini yaxshilash hamda 252 ta ko‘p xonadonli turar joylarda yirik va yengil ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 iyuldagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 453-sonli qaroriga asosan jami 256 ta ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash belgilab berilgan bo‘lsa, shundan: 21 ta uylarning tom qismini yengil ta’mirlash, 216 ta uylarning kirish yo‘llarini (podezdlarni) ta’mirlash, uylarga 72 ta temir eshiklar o‘rnatish, uylarning 44 dona elektr shitlarini ta’mirlash, uylarning 155 m2 framuga oynalarini o‘rnatish, 54 ta uylarning yerto‘lasidagi kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, 37 ta uylarning ichki kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, 16 ta uylarning fasad qismini ta’mirlash, uy-joy oldiga 363 dona energiya tejovchi sensorli lampalar o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Respublika hududidagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ko‘p kvartirali uylarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar bo‘yicha hisob-kitob ishlarini yuritishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda aholiga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida, billing tizimi – “Mening uyim” elektron dasturi joriy etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “2018-2022-yillarda Issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2912-sonli qarori asosida 2025-2026-yillarda ko‘p kvartirali uy-joylar va muassasalarni kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida “Kommunal issiqlik markazi” davlat unitar korxonasiga qarashli 66 mavze qozonxonasidagi 1 ta qozonda ta’mirlash ishlari va “Taxiatosh issiqlik tarmoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 416 metr tarmoqda yirik ta’mirlash ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, “Kommunal issiqlik markazi” davlat unitar korxonasiga qarashli 6-sonli qozonxonaga quvvati 20 kVt bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatildi.
Shu bilan birga “Kommunal issiqlik markazi” davlat unitar korxonasi hisobidan 1 dona isitish qozonida va “Taxiatosh issiqlik tarmoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan 260 metr issiqlik tarmoqlarida yengil ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevral kungi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-48-sonli qarori bilan 2026-yilga jami 46,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, 36,9 mlrd. so‘mlik 105 dona bolalar maydonchasini yangidan qurish, 102 mln. so‘mlik 568 p/m irrigatsiya tarmoqlarini qurish, 6,3 mlrd. so‘mlik 28,8 m.kv yo‘llarni (trotuar) betonlash 2,8 mlrd. so‘mlik 32 dona umumiy foydalanishdagi hojatxonalarni qurish ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Shu bilan birga 2,7 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1991-yilgacha qurilgan 440 ta ko‘p kvartirali uylarning elektron pasportini ishlab chiqish dasturini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki 2026-yil uchun manzilli tizim yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-48-sonli qarori bilan ko‘p kvartirali uylarni kapital va kichik ta’mirlash bo‘yicha dastlabki manzilli dastur ishlab chiqildi.
Bunda, 199 ta ko‘p xonadonli turar joylarni ta’mirlash belgilab berilgan bo‘lsa, shundan: 1,05 mlrd. so‘mlik 2,7 ming m.kv turar joylarning tom qismini ta’mirlash, 2,0 mlrd. so‘mlik 279 turar joylarning kirish yo‘llarini (podezdlarni) ta’mirlash, 316,0 mln. so‘mlik 405 m.kv framuga oynalarini o‘rnatish, 263,0 mln. so‘mlik 72 ta temir eshiklar o‘rnatish va 129 ta kodli qulf o‘rnatish, 90,2 mln. so‘mlik 90 ta elektr shitlarini ta’mirlash, 138 mln. so‘mlik 34 ta turar joylarning 1566,2 m.kv yerto‘la qismidagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, 34,1 mln. so‘mlik 9 ta turar joylarning 586,0 m.kv uy ichidagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, 659,9 mln. so‘mlik 7 ta turar joylarning fasad qismini ta’mirlash hamda 119,5 mln. so‘mlik 373 ta energiya tejamkor sensorli lampalar o‘rnatish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hurmatli soha xodimlari!
Sizlarning har biringiz o‘z bilim va tajribangiz, bor kuch-g‘ayratingizni safarbar etib, yurtimizda kommunal xizmatlar tizimini rivojlantirish, aholi uchun qulay va munosib sharoitlar yaratish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotganingiz tahsinga sazovordir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi nomidan sizlarni kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklaymiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar, omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadonlaringizdan fayz-baraka ayrilmasin!