O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni takomillashtirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi PF-22-son Farmonining 2-qismida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni takomillashtirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini bajarish hamda uning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Mazkur farmonga muvofiq, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati zimmasiga Davlat dasturining amalga oshirilishini hududlarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatining Davlat dasturi ijrosini o‘rganish borasidagi faoliyatiga har tomonlama ko‘mak berish belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Nukus shahridagi Do‘stlik uyi majlislar zalida “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 60-maqsadi doirasida belgilangan ko‘p xonadonli uy-joylarni boshqarish tizimini rivojlantirish vazifalarining ijrosiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Tadbirni “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi boshlig‘i T. Romanov kirish so‘zi bilan ochib, olib bordi.
Jamoatchilik eshituvida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, vazirlik mutaxassislari, boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, ko‘p xonadonli uy-joylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, sohaga zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.