Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va doimiy e’tibori tufayli barcha hududlarda islohotlar va obodonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida qabul qilinayotgan alohida farmon va qarorlar hudud taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevoriga aylanmoqda.
Ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida bugun Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida, xususan, Nukus shahrida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yangi uy-joy massivlari, zamonaviy ijtimoiy ob’yektlar, sport inshootlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi bu o‘zgarishlarning yaqqol ifodasidir.
Eng muhimi, bu bunyodkorlik ishlari har bir fuqaroning ko‘z o‘ngida, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilmoqda. Bugun qad rostlayotgan har bir bino, rekonstruksiya qilinayotgan har bir ob’yekt ertangi farovon hayot, qulay yashash muhiti va hudud taraqqiyotining amaliy ifodasidir. Ana shunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Nukus shahrida press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar Nukus shahrida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan bir qator muhim ob’yektlarni ko‘zdan kechirib, mas’ul mutaxassislardan loyihalarning texnik ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish manbalari va qurilish ishlarining sur’ati haqida batafsil ma’lumot oldi.
Press-tur doirasida dastlab «Bayterek» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida «JAYXUN BIZNES» MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy majmuasidagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Ayni paytda ob’yekt hududida qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Jumladan, 1-blokning 3-qavatida g‘isht terish, elektr tarmoqlarini montaj qilish va ichki suvoq ishlari olib borilmoqda.
2-blokning 2-qavatida peremichka quyish va plitalarni montaj qilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa, 3-blokning 2-qavatida plitalarni montaj qilish ishlari yakunlanib, hozirgi vaqtda seysmopoyas quyish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida zamonaviy arxitektura talablari asosida 5 qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda. Majmua jami 7 ta yo‘lakdan iborat bo‘lib, jami 125 ta xonadonni o‘z ichiga oladi.
Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, ob’yektni 2026 yil noyabr oyida to‘liq foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Keyingi manzil «Kók-ózek» MFY hududida qurilgan markazlashgan issiqlik tizimi ob’yekti bo‘ldi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 454-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilgan.
Loyiha natijasida Nukus shahri «Kók-ózek» MFY hududidagi mavjud ko‘p xonadonli uylar zamonaviy isitish qozonxonasi o‘rnatilib, markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta’minlandi.
Loyiha buyurtmachisi – O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Ko‘p kvartirali uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti ob’yektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK hisoblanadi. Loyihachi sifatida vazirlik huzuridagi «Kommunal loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti» faoliyat yuritgan. Bosh pudratchi sifatida «Xorazm Bobur Mirzo» MCHJ belgilangan.
Ob’yektning umumiy qiymati 14 852,38 mln so‘mni tashkil etadi. Uning quvvati 1 ta qozonxona, 4 MVt quvvatga ega 3 ta qozon (jami 12 MVt) va 3,5 km uzunlikdagi issiqlik tarmog‘idan iborat.
Loyiha doirasida 25 ta ko‘p kvartirali uy va 2 ta ijtimoiy soha ob’yekti, jami 27 ta bino issiqlik bilan ta’minlandi. Shuningdek, qozonxonaga gaz, elektr energiyasi va suv tarmoqlari tortildi.
Press-tur davomida «Jas әo‘lad» mahalla fuqarolar yig‘ini, 27-kichik tuman hududida BSK tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-48-son qarorining 2-ilovasiga muvofiq, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ko‘p kvartirali uylarning tutash hududlarida umumiy foydalanishdagi infratuzilma ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun jami 46 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 184 ta ko‘p kvartirali uyda tegishli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha doirasida Nukus shahrining 27-kichik tumanidagi 11 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismlarini ta’mirlash va 3 ta zamonaviy bolalar maydonchalarini qurish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ushbu ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash maqsadida boshqaruv tashkiloti tomonidan zarur qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Hududda nafaqat ta’mirlash, balki obodonlashtirish va estetik ko‘rinishni yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ko‘p qavatli uylarning fasadlarida turli rangdagi bo‘yoqlardan foydalangan holda milliy qadriyat va an’analarni aks ettiruvchi go‘zal manzara va bezaklar yaratilmoqda. Bu esa hududning zamonaviy va o‘ziga xos qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Press-tur davomida hududda yashovchi fuqarolar bilan ham ochiq muloqotlar o‘tkazilib, amalga oshirilayotgan ishlar, aholining mavjud muammolari va takliflari bo‘yicha fikrlar tinglandi.
Press-tur davomida Qoraqalpoq davlat universiteti hududida qurilgan 500 o‘rinli talabalar turar joyi ham ko‘zdan kechirildi.
Ushbu talabalar turar joyi universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qurilgan bo‘lib, hozirda qurilish ishlari to‘liq yakunlangan. Bino zamonaviy mebel va barcha zarur jihozlar bilan ta’minlanib, foydalanishga tayyor holga keltirilgan.
Talabalar turar joyida yoshlarning qulay va munosib sharoitlarda yashashi uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, xonalar zamonaviy mebel jihozlari bilan ta’minlangan, talabalar uchun zarur maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilgan.
Ushbu 500 o‘rinli talabalar turar joyini yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Yangi bino universitetda tahsil olayotgan talabalarni zamonaviy va shinam turar joy bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Press-tur davomida OAV vakillari tomonidan qurilish ishlarining sifati, muddatlari, loyiha quvvati va aholi ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha bir qator savollar berildi. Mutaxassislar tomonidan barcha savollarga atroflicha javoblar berildi va joylarda intervyular tashkil etildi.
Ushbu press-tur ommaviy axborot vositalari vakillariga hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan bevosita tanishish, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar va infratuzilmaning rivojlanishi bo‘yicha kengroq ma’lumot olish imkonini berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati