Mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari va doimiy e’tibori tufayli barcha hududlarda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida qabul qilinayotgan alohida farmon va qarorlar hudud taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosiga aylanmoqda.
Mazkur e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida bugun Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida, xususan, Nukus shahrida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yangi turar joy massivlari, zamonaviy ijtimoiy obektlar, sport inshootlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining bunyod etilishi bu o‘zgarishlarning yaqqol ifodasidir.
Eng muhimi, bu bunyodkorlik ishlari har bir fuqaroning ko‘z o‘ngida, xalq manfaatlari yo‘lida ro‘yobga chiqmoqda. Bugun qad rostlayotgan har bir inshoot, rekonstruksiya qilinayotgan har bir obekt ertangi farovon hayot, qulay yashash muhiti va hudud ravnaqining amaliy ifodasidir. Ana shunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Nukus shahrida press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar Nukus shahrida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan bir qator muhim obektlarni ko‘zdan kechirib, mas’ul mutaxassislardan loyihalarning texnik ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish manbalari va qurilish ishlari sur’ati haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Dastlab press-tur ishtirokchilari shaharning 26-kichik tumani, «Nao‘pir» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joy majmualari bilan tanishdilar. Ushbu hududda aholini zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash maqsadida «Max elit stroy» MCHJ tomonidan 135 xonadonli 3 ta ko‘p qavatli turar joy binosi, shuningdek «Fayz magnat» MCHJ tomonidan 150 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi izchil olib borilmoqda.
Shundan so‘ng ishtirokchilar Nukus shahri «Turon» mahallasi hududida joylashgan «Turon» stadionida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdilar. Umumiy qiymati 101 milliard 846 million so‘mlik mazkur loyiha yakunlangach, stadion 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan zamonaviy sport majmuasiga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar loyiha uchun 72,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, «Nasaf mega stroy» MCHJ tomonidan 72 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.
Press-tur davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq rekonstruksiya qilinayotgan «Nukus ilg‘or kasb-hunar texnikumi» binosidagi ishlar bilan ham yaqindan tanishildi. Tender qiymati 28,3 milliard so‘mni tashkil etuvchi mazkur obektga bugungi kunga qadar 12,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, «USTYURT TRANS» MCHJ tomonidan 6,8 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, Nukus shahrining «Jeke terek» mahallasida «Dek stroy» MCHJ tomonidan bunyod etilayotgan 16 qavatli, 80 xonadonli zamonaviy turar joy majmuasi ham press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida jurnalistlar va blogerlar tomonidan qurilish ishlari sifati, belgilangan muddatlar, obektlarning foydalanishga topshirilish sanalari hamda aholi ehtiyojlarini qondirish borasida qator savollar o‘rtaga tashlandi. Mutaxassislar barcha savollarga batafsil javob berib, joylarda intervyular tashkil etildi.
Mazkur press-tur ommaviy axborot vositalari vakillariga hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan bevosita tanishish, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyatini chuqurroq anglash hamda bu haqda jamoatchilikka tezkor va haqqoniy axborot yetkazish imkonini berdi.
Bugungi kunda Nukus shahrida amalga oshirilayotgan bunday yirik loyihalar hududning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholining turmush sifatini yaxshilash va qulay shahar muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati