Ishonch telefoni

+998(61) 223-24-31

Ko'rinish

Shrift o'lchami

So'ngi yangiliklar

Nukusda zamonaviy qurilish loyihalari bilan tanishtiruv press-turi bo‘lib o‘tdi
11-02-2026

image-news

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Nukus shahrida amalga oshirilayotgan yirik qurilish va infratuzilma loyihalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida ishtirokchilar shahar hududida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan muhim obyektlar bilan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumot oldilar hamda joylarda olib borilayotgan ishlar jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.

Press-tur ishtirokchilari dastlab “Nawpir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida olib borilayotgan ko‘p qavatli turar joy binolari qurilishi bilan tanishdilar.

Mazkur hududda “Max elit stroy” MCHJ tomonidan 135 xonadonli 3 ta ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi, shuningdek “Fayz magnat” MCHJ tomonidan 150 xonadonli ko‘p qavatli turar joylar qurilish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Keyingi manzil “Kók-ózek” MFY hududida barpo etilgan markazlashgan issiqlik tizimi obyektiga bo‘ldi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 454-sonli qarororiga muvofiq amalga oshirilgan.

Loyiha natijasida Nukus shahri “Kók-ózek” MFY hududidagi mavjud ko‘p kvartirali uylar zamonaviy isitish qozonxonasi o‘rnatilib, markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta’minlandi.

Loyiha buyurtmachisi — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti ob’yektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK hisoblanadi. Loyihachi sifatida vazirlik huzuridagi “Kommunal loyiha ilmiy-tadqiqot instituti” faoliyat olib borgan. Bosh pudratchi sifatida “Xorazm Bobur Mirzo” MCHJ belgilangan.

Obyektning umumiy qiymati 14 852,38 mln so‘mni tashkil etadi. Uning quvvati 1 dona qozonxona, 4 MVt quvvatga ega 3 dona qozon (jami 12 MVt) hamda 3,5 km uzunlikdagi issiqlik tarmog‘idan iborat.

Loyiha doirasida 25 ta ko‘p xonadonli uy va 2 ta ijtimoiy soha obyektlari, jami 27 ta bino issiqlik bilan ta’minlandi. Shuningdek, qozonxonaga gaz, elektr energiyasi va suv tarmoqlari tortildi.

Press-tur doirasida ishtirokchilar Nukus shahridagi “Turon” MFY hududida joylashgan Turon stadionini rekonstruksiya qilish ishlari bilan ham tanishdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy qiymati 101 mlrd 846 mln so‘m bo‘lgan loyiha natijasida “Turon” stadioni 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy infratuzilmaga ega sport majmuasiga aylantirilmoqda.

Bugungi kunga qadar 62,6 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan bo‘lib, “Nasaf mega stroy” MCHJ tomonidan 59,5 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Press-tur yakunida jurnalistlar Nukus shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filiali binosini yangidan qurish loyihasi bilan tanishtirildi.

Mazkur obyektning umumiy qiymati 45,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Hozirgi kunga qadar 28,2 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan bo‘lib, “Tuproqqal’a maxsus qurilish” MCHJ tomonidan 27,2 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Press-tur davomida OAV vakillari tomonidan qurilish ishlari sifati, muddatlar, loyiha quvvati hamda aholi ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha bir qator savollar berildi. Mutaxassislar tomonidan barcha savollarga atroflicha javoblar berildi hamda joylarda intervyular tashkil etildi.

Mazkur press-tur ommaviy axborot vositalari vakillariga hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan bevosita tanishish, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar va infratuzilma rivoji bo‘yicha kengroq axborot olish imkonini berdi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati