Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimizning tashabbusi va doimiy e’tibori bilan barcha hududlarda islohotlar va obodonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida qabul qilinayotgan alohida farmon va qarorlar hudud taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevoriga aylanmoqda.
Ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida bugun Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida, xususan, Nukus shahrida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi uy-joy massivlari, zamonaviy ijtimoiy ob’yektlar, sport inshootlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi bu o‘zgarishlarning yaqqol ifodasidir.
Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Azamat Urazimbetov bilan suhbatlashib, qiziqtirgan savollarimizga javob oldik.
– Azamat Saparbayevich, muhtaram Prezidentimizning respublikamizga tashrifidan so‘ng poytaxtimizda «Nukus Siti» qurilishi boshlanishi haqida xabarlar e’lon qilindi. Bu haqda qanday ma’lumotlarni bera olasiz?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 fevraldagi «Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholini zamonaviy va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash, ko‘p kvartirali uylar qurilishini jadallashtirish va yangi uy-joy massivlarini barpo etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu farmonga asosan, joriy yilda respublikamiz bo‘yicha jami 4206ta xonadonli ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish belgilangan. Shundan shu kunga qadar respublika bo‘yicha 993ta xonadonli 27 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Shundan «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 140 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha belgilangan uy-joy qurilishi ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida qurilish jarayonlarini qat’iy nazorat qilish, ob’yektlarda qurilish-montaj ishlarini belgilangan grafik asosida olib borish, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish va uy-joylarni zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev respublikamizga tashrifi chog‘ida «Toshkent Siti» tajribasi asosida Nukus shahrida zamonaviy «Nukus Siti»ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbus doirasida Nukus shahrida yosh oilalar uchun quriladigan «Yangi O‘zbekiston» turar joy massivi loyihasi ham taqdim etildi.
Loyiha uchun 270 gektar maydon ajratilib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan. Ushbu massiv Nukus shahridagi Ashshiko‘l bo‘yida qad rostlaydi.
– Yangi massivda qancha aholi yashaydi va bu yerda turar joydan boshqa qanday ob’yektlar quriladi?
– Belgilangan loyiha bo‘yicha bu hududda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, yirik biznes markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, zamonaviy ko‘ngilochar maskanlar barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivida maktablar, bolalar bog‘chalari, turizm xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, madaniyat markazi va boshqa bir qator ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlari barpo etiladi.
Ayni paytda ushbu yirik loyihani sifatli va belgilangan talablar asosida ishlab chiqish uchun «O‘zGASHKLITI» MCHJ tomonidan muhandislik-geologik tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, ushbu loyiha Nukus shahrining zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish va shahar infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
– Aholiga keng qulaylik va imkoniyatlar yaratayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari ayni kunlarda respublikamizning qaysi hududlarida barpo etilmoqda va istiqboldagi rejalar haqida nimalar deya olasiz?
– Bugungi kunda barcha qulay sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari respublika hozirgi kunlarda respublikamizning qaysi hududlarida qurilyapti va kelajakdagi rejalar haqida nimalarni aytasiz?
– Bugungi kunda barcha qulay sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari respublikamizning Kegeyli, Qonliko‘l, Qorao‘zak, Amudaryo va Ellikqal’a tumanlarida tashkil etilgan. Ushbu massivlarda aholi uchun zamonaviy ko‘p kvartirali uy-joylar qurish bilan bir qatorda, ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Kelgusida, 2030 yilga qadar respublikada «Yangi O‘zbekiston» massivlari sonini yana to‘rttaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Xususan, Nukus shahri, Xo‘jayli, Beruniy va To‘rtko‘l tumanlarida yangi mavzelar tashkil etilishi hisobiga ularning umumiy soni 9 taga yetkaziladi.
Yangi mavzelarni barpo etish jarayonida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi bilan birga, ta’lim, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, avtomobil yo‘llari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hududlarini kompleks tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Eng muhimi, bu bunyodkorlik ishlari har bir fuqaroning ko‘z o‘ngida, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilmoqda. Bugun qad rostlayotgan har bir bino, rekonstruksiya qilinayotgan har bir ob’yekt ertangi farovon hayot, qulay yashash muhiti va hudud taraqqiyotining amaliy ifodasidir.
Suhbatlashgan: Adilbay Orazov,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi