GIZning "O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash (TexVET II)" hamda "Barqaror iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish (NaWi)" loyihalari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tanishuv missiyasi tashkil etildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad dual kasbiy ta’limni joriy etishga qiziqish bildirayotgan hamda ushbu tizimni amaliyotga tatbiq etayotgan yangi hamkorlar bilan tajriba almashish, shuningdek, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Missiya doirasida delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida ham bo‘lib, vazirlik mutaxassislari bilan qurilish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, dual ta’lim tizimini rivojlantirish, ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar va amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar yuzasidan fikr almashilib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.