8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Ayolga ehtirom” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, soha mutaxassislari hamda rahbariyat vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rni, oiladagi beqiyos qadri, ularning fidokorona mehnati hamda mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida qo‘shayotgan ulkan hissasi haqida alohida so‘z yuritildi. Ayniqsa, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida samarali faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning mas’uliyatli mehnati, tashabbuskorligi va kasbiy mahorati yuksak e’tirof etildi.
Tadbir yakunida vazirlik tizimida ko‘p yillardan buyon sidqidildan mehnat qilib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bayram tadbiri samimiy va ko‘tarinki ruhda davom etib, ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.